Mamlakat ichki sut mahsulotlari va muzqaymoq bozorining asosiy ishtirokchilari orasida Samarqandda faoliyat yurituvchi Agro-Bravo mas'uliyati cheklangan jamiyati barqaror o'rin egallaydi.
Mamlakat ichki sut mahsulotlari va muzqaymoq bozorining asosiy ishtirokchilari orasida Samarqandda faoliyat yurituvchi Agro-Bravo mas'uliyati cheklangan jamiyati barqaror o'rin egallaydi.
2006-yilda korxona katta biznesga o'z yo'lini boshlaganida, bu yerda sutkasiga atigi 300 litr sut qayta ishlanardi, ishlab chiqarish xodimlari esa bor-yo'g'i 10 nafar kishidan iborat edi.
Korxonaning zamonaviy quvvatlari kuniga 100 tonnagacha sutni qayta ishlashga mo'ljallangan bo'lib, bu taxminan 200 nafar kishini barqaror ish bilan ta'minlash imkonini beradi. Agro-bravo MChJ bugungi kunda mamlakatning barcha hududlariga 100 dan ortiq nomdagi sut, qatiqsimon mahsulotlar, qattiq pishloqlar va muzqaymoq yetkazib beradi.
- Korxona tashkil etilgan birinchi kunlaridanoq uning rivojlanishining asosiy yo'nalishi modernizatsiya, sutni qayta ishlash bo'yicha eng ilg'or texnologiyalarni joriy etish deb belgilangan edi, - deydi Agro-Bravo MChJ rahbari Alisher Rahmatov. - Bunday iqtisodiy siyosat bugungi kunda ham bizning rivojlanishimizning ustuvor yo'nalishi bo'lib qolmoqda. Ishlab chiqarish siklini modernizatsiya qilishga investitsiyalarsiz ichki sut mahsulotlari bozoridagi keskin raqobatga bardosh berib bo'lmaydi.
So'nggi yillarda o'z mablag'lari va tijorat banklarining kredit resurslari hisobidan quruq va quyultirilgan sut ishlab chiqarish va qadoqlash liniyalari, yangi turdagi muzqaymoq ishlab chiqarish uskunalari sotib olindi. 2017-yilda korxonada bir million AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega zamonaviy, to'liq avtomatlashtirilgan sutni qayta ishlash liniyasi o'rnatildi, bu ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yanada oshirish va yangi ish o'rinlari yaratishni ta'minladi. Ta'kidlash joizki, tashkil etilgan paytdan boshlab korxonani texnologik qayta jihozlashga 10 million AQSh dollaridan ortiq mablag' investitsiya qilingan.
- Zamonaviy sharoitda har qanday tovarlarning raqobatbardoshligini ta'minlashda tayyor mahsulot sifatini nazorat qilish tadbirlari muhim o'rin egallaydi, - davom etdi A. Rahmatov. - Buning uchun korxona ta'sischilari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan sinov laboratoriyasini yaratishga salmoqli mablag'lar yo'naltirdilar, u yerda boshlang'ich xom ashyo ham, tayyor mahsulot namunalari ham muntazam monitoring qilinadi. Ushbu choralar tufayli samarqandlik sut mahsulotlari va muzqaymoq ishlab chiqaruvchilarning tovarlari tegishli sertifikatlarga ega bo'lib, milliy va xalqaro sifat standartlari talablariga javob beradi. Bunday parametrlar 2017-yildan boshlab O'zbekiston bilan chegaradosh bir qator davlatlarga tayyor mahsulot eksportini boshlash imkonini berdi.
Statistika shundan dalolat beradiki, jahon muzqaymoq bozori yiliga o'rtacha 4-5% o'sib bormoqda, ushbu yo'nalishning yillik aylanmasi esa taxminan 60-80 mlrd. dollarni tashkil etadi. O'zbekistonda ham muzqaymoq ishlab chiqarishning o'sish dinamikasi qayd etilmoqda. Shunga qaramay, ishlab chiqaruvchilarning rivojlanish salohiyati hali tugagani yo'q, biroq raqobatga bardosh berish uchun tovarni ilgari surishning o'z yo'nalishini topish muhim. Shu maqsadda Agro-bravo MChJ texnologlari har yili ushbu noz-ne'matning bir nechta yangi turlarini ishlab chiqib, ishlab chiqarishga joriy etadilar. Bugungi kunda iste'molchilarga mahsulotning 50 tagacha nomi taklif etiladi.
Agro-bravo MChJ da ishlab chiqarish siklini lokalizatsiya qilishga alohida e'tibor qaratiladi. Masalan, tayyor mahsulotning asosiy qadoqlash turlari korxona bazasida ishlab chiqariladi. Ushbu yo'nalishdagi yana bir loyiha sut zotidagi yuqori mahsuldor sigirlar boqiladigan o'z fermer xo'jaligini yaratish bo'ldi.
Foydaning salmoqli qismi korxona xodimlarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi. Ishchilar va xizmatchilar xizmat transporti, bepul tushliklar bilan ta'minlangan, xodimlarning malakasini oshirish dasturi amalga oshirilmoqda.
Rinat ABDULMANOV.




